Mahallamiz qo‘shni Tojikiston bilan chegaradosh. Bu yerda yashovchi 3 332 nafar aholining 90 foizini tojik millati vakillari tashkil etadi. Tan olish kerak, mahallamiz keyingi yillarda e’tibordan chetda, qarovsiz holatga kelib qolgandi.
Qishloqda gaz quvurlari ishdan chiqqan, elektr ta’minotida uzilishlar ro‘y berishi natijasida ko‘chalar kechasi qorong‘i zimistonga aylangandi. Ichki yo‘llar butunlay yaroqsiz holga kelganligi bois qish oylarida loy–balchiqli ko‘chalarda yurib bo‘lmasdi. Ko‘p qavatli uylarning tomidan chakki o‘tib, isitish tizimlari deyarli ishlamasdi. Bu yerda aholi farovon yashashiga to‘sqinlik qilayotgan muammolar ko‘p yildan beri o‘z yechimini topmayotgandi.
2018 yil “Obod qishloq” dasturi asosida Xovosobod mahallasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha “ Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, katta bunyodkorlik, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borildi. Bir yarim oy ichida qishloqda 25 yil ichida yechilmagan muammolarga yechim topildi. Qishloqdagi 26 km. ichki yo‘llarga tosh to‘kilib, sozlandi. 12 ta ikki qavatli uylar kapital ta’mirdan chiqarildi. Chirigan gaz quvurlari yangilariga almashtirilib, xonadonlarda “zangori olov” porlay boshladi. Singan, ishdan chiqqan simyog‘ochlar o‘rniga yangilari o‘rnatildi, Ko‘chalarga elektr yoritqichlar qo‘yib chiqildi. 4-umumta’lim maktabi, katta stadion, yozgi dam olish klubi, qishki klub, bolalar bog‘chasi ta’mirlandi.
Ko‘chalar, yo‘llarning bo‘ylari, aholi tomorqalariga mevali daraxt, gul ko‘chatlari va archa o‘tqazildi. Kam ta’minlangan oilalarning uylari homiy tashkilotlar tomonidan ta’mirlab berildi. Qabriston va Xovos tepaligini obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha ko‘z quvonadigan ishlar amalga oshirildi. Qarovsiz bo‘lgan, tashlandiq holga kelib qolgan Xovosobod bugun obod va go‘zal go‘shaga, yashash tarzi yangilangan, shaharlardagidan qolishmaydigan maskanga aylandi.
O‘tgan yillarda bunyodkorlik ishlari to‘xtab qolmadi. Mahallani obodonlashtirish ishlari davom etdi. Ayniqsa, ichimlik suv bilan bog‘liq muammoga yechim topish uchun Zomin tumanidan suv tarmog‘i tortilyapti. Hozirda 3 ta ko‘chamizga ichimlik suv chiqdi. Agar ishlar to‘la yakunlansa, 90 foiz ko‘chalarimiz ichimlik suv muammosidan xalos bo‘ladi. Faqat Navguzar ko‘chamizga bu suv tarmog‘i yetib bormagan. Shu bois bu ko‘chada suv muammosi saqlanib qoladi.
Navbatdagi qiladigan rejalarimiz qatorida 5 km. ichki yo‘limizni asfaltlash, ko‘chalarga tungi yoritgich o‘rnatish, Ko‘hna Xovos ko‘chamizga gaz tarmog‘i, Navguzar ko‘chamizga elektr tarmog‘i tortish ishlari turibdi. Bundan tashqari, 70 ta eski simyog‘ochlar yangisiga almashtirilishi lozim. Shuningdek, hududda davlat bog‘chasiga ehtiyoj bor.
Agar ishlab chiqarish korxonasi qurilsa, ishsizlikni tugatishga katta turtki bo‘lardi. Hozirda 50 nafar ishsiz ro‘yxatga olingan. Ko‘plab fuqarolar qo‘shni mahallalarga, tuman markaziga qatnab ishlashga majbur bo‘lmoqda. O‘zimizda ish o‘rni bo‘lsa, uzoqqa bormasdi. Asosiy “drayver”imiz dehqonchilik bo‘lsa-da, hozir bu soha foydasiz bo‘lib bormoqda. Chunki oqava suv yo‘qligi uchun ekinlar qurib qolmoqda. Shuning uchun kamida 2 ta suv qudug‘i qazish kerak. Bu masalalar bo‘yicha tuman hokimligiga, xalq qabulxonasiga taklif berilgan. Hozircha javob bo‘lgan yo‘q.
Jamsher QORABOYeV,
Xovos tumanidagi
“Xovosobod” mahallasi raisi.