Mahallamizda “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha”, “Obod mahalla” mezonlari joriy etilib, odamlarning munosib turmush kechirishi uchun barcha sharoit yaratilayotir. Qurilish-obodonlashtirish ishlari mahalla qiyofasini tubdan o‘zgartirib, aholining necha yillik muammolarini aritmoqda.
“Duoba” — osmono‘par tog‘lar bag‘ridagi so‘lim go‘sha. Boysun tumani markazidan 35 kilometr olisda, dengiz sathidan 2 000 metr balandlikda joylashgan. Duoba, Gummatak va Qayroq kichik qishloqlaridan iborat mahalladagi 553 ta oilada 2 519 nafar aholi yashaydi. Odamlarning asosiy tirikchiligi — chorvachilik va dehqonchilik. Deyarli barcha xonadonlarda chorva mollari bor.
Yillar davomida zarur infratuzilmaga ega bo‘lmagan tog‘li qishloq odamlari yo‘llarning tor va notekisligi, bahor faslida soylarda sel kelishi, ta’lim, tibbiyot kabi ijtimoiy soha muassasalaridagi haminqadar sharoitlardan, elektr energiyasi va suyultirilgan gaz ta’minotidagi uzilishlardan, qish faslida yo‘llar qor bilan qoplanib, transport harakati cheklanishidan aziyat chekib, yashayotgan edi. Prezident tashabbusi tog‘li va chekka qishloq odamlari hayotiga yangicha mazmun olib kirdi
Hozirda mahallamizga olib boruvchi yo‘lda yirik hajmdagi qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Ko‘chalar va ariqlar, turarjoy binolari, ijtimoiy soha obyektlari atrofi tartibga keltirilib, obodonlashtirilmoqda. Xususan, 40 kilometr yo‘llar qayta rekonstruksiya qilinyapti. Hozirgacha ularning 34 kilometr qismida ishlar yakunlandi. “Duoba”, “Dehibola”, “O‘rmonchi” va “Dehbodom” mahallalari aholisi uchun Qayroq daryosi ustidan o‘tuvchi ko‘prik qayta qurilmoqda. 58-umumta’lim maktabi uchun 80 o‘rinli qo‘shimcha bino barpo etildi. Shu bilan birga, 17-maktab uchun 180 o‘rinli yangi binolar qurilyapti. Kuniga 50 qatnov va 25 stasionar o‘ringa ega qishloq shifoxonasi qurilib, mahalla idorasi qayta ta’mirlanmoqda. 180 o‘rinli yangi maktab, hududdagi beshta mahalla uchun suyultirilgan gaz ballonlarini yig‘ish va servis xizmati ko‘rsatish shoxobchasi qad rostlamoqda. Elektr simyog‘ochlari yangisiga almashtirilib, transformatorlar yangilanmoqda.
Albatta, baland tog‘lar qo‘ynidagi qishloqlarda bu o‘zgarishlar o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q. Buning uchun yirik miqdordagi mablag‘ sarflanmoqda. Jumladan, ko‘prik uchun 4,5 milliard so‘m, 180 o‘rinli maktab va qishloq shifoxonasi uchun 4,5 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflanmoqda. Yo‘l infratuzilmasini yaxshilashga 5 milliard so‘m yo‘naltirilgan. 58-maktabning qo‘shimcha binosini qurishga 1 milliard 200 million so‘m harajat qilinayotir. Ko‘chalarni obodonlashtirish, elektr ta’minotini yaxshilash kabi ishlar bilan qo‘shib hisoblaganda, mahalla ahlining yashash tarzini tubdan yaxshilash uchun 20 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflanyapti. Bunday o‘zgarishlar olis tog‘ qishloqlari aholisining ertangi kuni yanada farovon, to‘kin bo‘lishiga ishonch tuyg‘usini oshirmoqda.
Mahalladagi bunyodkorlik ishlari hozir avj pallasida. Yuqoridagi ishlar yakunlanishi bilan yana 11 kilometr masofada ichimlik suvni tortish ko‘zda tutilgan. Bu bilan yig‘indagi barcha xonadonlar to‘liq suv bilan ta’minlanadi. Qolaversa, 1 kilometr masofada tungi yoritish chiroqlari o‘rnatiladi. Maktabimiz yonida yoshlarning sport bilan shug‘ullanishi uchun mini-stadion barpo etilishi rejalashtirilgan.
Ochig‘i, hududimizda yuz berayotgan bunday yangilanishlarni odamlarimiz, keksalarimiz bir umr orzu qilishgan. Boisi yaqin yillarda ham tuman markaziga bormoqchi bo‘lsak, yo‘llar nosozligi uchun ot-ulovdan foydalanishga majbur bo‘lar edik. Qishning qorli kunlari va bahorgi sel toshqinlari ham jiddiy qiyinchiliklar tug‘dirar edi. Endilikda bu qiyinchiliklar ortda qoladigan bo‘ldi. Nafaqat yo‘limiz, balki ichki ko‘chalar ham tubdan ta’mirlanib, yoshu keksa uchun yetarli qulaylik yaratilmoqda. Bularning barchasi yurtimizda inson qadr-qimmatini e’zozlab, barchaning birdek yashashi uchun ko‘rsatilayotgan beqiyos g‘amxo‘rliklar samarasidir.
Hikmatilla MAHMUDOV,
Boysun tumanidagi
“Duoba” mahallasi raisi.