Bugun barcha muammolarni mahallaning o‘zida hal etishga e’tibor qaratilmoqda. Buning uchun mahallalarga ko‘plab vakolatlar, tashkiliy va moliyaviy imkoniyatlar berildi. Mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi hamda profilaktika inspektoridan iborat “beshlik tizimi” tashkil etildi. Mahalla joylarda muammolarni chinakam hal qiladigan institutga aylanmoqda.
“Mahalla beshligi”ning har biri qaysidir yo‘nalishga mas’ul, ayni sohalarda fuqarolarga ko‘mak bermoqda. Xususan, hokim yordamchisi — tadbirkorlikni rivojlantirish, bandlikni ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, xotin-qizlar faoli — ayollar masalalari bilan ishlash, yoshlar yetakchisi — yigit-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, profilaktika inspektori — mahalla xavfsizligini ta’minlash vazifalarini bajarmoqda. Mahalla raisiga “beshlik”ni hududdagi muammolarni bartaraf etishga yo‘naltirish, faoliyatini baholash, rag‘batlantirish hamda jazo choralarini qo‘llash bo‘yicha taqdimnomalar kiritish bo‘yicha huquqlar berilgan.
IQTIBOS. “Xalqni rozi qilishimiz uchun mahallalardagi muammolarni bilib turishimiz kerak. Hozirgi “beshlik” “yettilik” bo‘ladi. “Yettilik“ mahalladagi vaziyatni bilishi kerak… Agar bitta hokim yordamchisi bir oyda 5 tagina odamni ish bilan ta’minlasa, yoshlar faoli 5 tagina bolaning dunyoqarashini o‘zgartirsa, xuddi shunday, ayollar bilan ham ishlansa, ular soni tuman miqyosida qancha bo‘ladi? O‘zbekiston tajribasini, “eshituvchi davlat” degan iborani amalda bajaramiz, desak, bizga tajribali, fidoyi mahalla raislari kerak”.
Yaqinda mas’ullar mahallalarga borib, ulardagi haqiqiy holatni o‘rgandi. Tahlillarga ko‘ra, mahalladagi “beshlik”ning o‘zaro muvofiq ishlashida kamchiliklar, juda ko‘p takrorlanishlar bor. “Beshlik” yagona jamoa sifatida ishlamayapti, har biri o‘z vazirligiga hisobdor. Hatto “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” mahalladagi mas’ullar tomonidan alohida-alohida yuritilyapti. Kimga qanday yordam berilgani, kimlar daftarlarga takroran kiritilayotgani haqida yagona ma’lumotlar yo‘q.
Shu bilan birga, ijtimoiy daftarlardagi mablag‘larni to‘g‘ri taqsimlashda ularning hamkorligi, mahalla raisining o‘rni bilinmayapti. Oqibatda ijtimoiy maqsaddagi mablag‘lar ba’zan samarasiz yo‘naltirilyapti. Ehtiyojmand aholining masalasini hal qilish viloyat va respublika idorasiga bog‘lanib qolgan. Qolaversa, mahalla xodimlari faoliyatini baholash mezoni yo‘q. “Beshlik” zimmasiga juda ko‘p vazifalar yuklatilgan, aniq ish metodikasi ishlab chiqilmagan. Ularning ko‘p vaqti “qog‘oz to‘ldirish” va majlislarga ketyapti.
Bu kabi kamchiliklar yig‘inlarning faoliyat samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatibgina qolmay, ayrim o‘rinlarda ehtiyojmand, kam ta’minlangan oilalarning e’tibordan chetda qolishiga, davlat yordamidan foydalana olmasligiga ham olib kelmoqda. Shu bois joriy yilning 26 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aholi hayotini yaxshilashda mahalla oddiy ishtirokchi yoki ijrochi emas, balki u qaror qabul qiladigan markazga aylanishiga qaratilgan qator tashabbuslar ilgari surildi.
Endilikda mahalla boshqaruvi yangi yondashuvlar asosida tashkil qilinadi. Amaldagi “beshlik”ka soliqchi va ijtimoiy xizmat xodimi qo‘shilib, birgalikda ishlaydigan “mahalla yettiligi” bo‘ladi. Ehtiyojmand aholini ro‘yxatga kiritish, moddiy yordam, subsidiya va kredit ajratish kabi 70 dan ortiq masalalar, tuman va viloyat idoralariga chiqmasdan, mahallaning o‘zida jamoaviy hal qilinadi.
Shuningdek, Bandlik, Tadbirkorlik va Kasanachilik jamg‘armalari mablag‘lari har bir mahallaga taqsimlab beriladi. Ya’ni, bundan buyon mablag‘ni ishlatish mahallaning o‘ziga, “yettilik” ixtiyoriga beriladi. Bu – mahallaga ham vakolat, ham mas’uliyat degani. Qolaversa, mahallada qulay va elektron ish yuritish yo‘lga qo‘yiladi . Amaldagi uchta platforma — “Onlayn mahalla”, “Xotin-qizlar”, “Yoshlar portali” o‘zaro integratsiya qilinib, yagona tizimda mujassamlashtiriladi.
IQTIBOS. “Zamon shiddat bilan o‘zgaryapti. Mahallani joylarda muammolarni chinakam hal qiladigan institutga aylantirishimiz zarur. Yana tajriba orttiramiz, yana o‘zgartiramiz. Hayot bizni shunga majbur qilyapti. Hozirgi tahlikalarga yechim topamiz, desak, bizning yagona yo‘limiz — mahalla, mahalla, mahalla va bir marta mahalla. Mahalla tizimi obro‘yini qancha ko‘tarsak, odamlar ishonadi, odamlar bizdan rozi bo‘ladi”.
“Mahalla yettiligi”ning vazifalari aniq belgilab beriladi. Misol uchun:
- mahalla raisi — ehtiyojmand oilalarga uy-joyini yaxshilashga ko‘maklashish;
- hokim yordamchisi — ishsizlarga ish topishga ko‘maklashish;
- yoshlar yetakchisi — yoshlarni sport, musiqa va to‘garaklarga jalb etish;
- xotin-qizlar faoli — ayollarni tadbirkorlik, kasanachilik, hunarmandchilikka jalb qilish;
- soliq xodimi — mahalladagi imkoniyatlarni ishga solib, soliq bazasini kengaytirish, tadbirkorlik faoliyatini qonuniylashtirishga hamda o‘zini o‘zi band qilganlarga kichik biznes toifasiga o‘tishga ko‘maklashish;
- ijtimoiy xizmat xodimi — yolg‘iz keksa, nogiron va boshqa muhtojlarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish kabi aniq vazifalar bilan shug‘ullanishi lozim.
“Mahalla yettiligi” ishini muvofiqlashtirishda mahalla raislarining vakolatlari kengaytiriladi. Jumladan, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, soliqchi va ijtimoiy xizmat xodimining oylik ish haqi mahalla raisi tomonidan tasdiqlanadi. Raislar mahalla xodimlarini rag‘batlantirish yoki intizomiy jazo qo‘llash bo‘yicha taqdimnoma kiritish vakolatiga ega bo‘ladi.
IQTIBOS.“Mahalla raisi har oyda “og‘iridan yengiliga” chiqsa bo‘ladimi? Eng og‘ir, ehtiyojmand oilaga uy-joylarni ta’mirlashda yordamlashishi yoki hokimlar bilan birgalikda ipoteka kreditini olib berishi mumkin. Bir oyda bitta oilaga yordam bersangiz, yiliga 12 ta, ikkitadan bo‘lsa, 24 ta oila rozi bo‘ladi. Hokim yordamchisi bir oyda 10 tagina odamni ish bilan ta’minlasa, buni 9 940 mahallaga ko‘paytirsa, qancha odam bir oyda ish bilan ta’minlanadi? Shu bois ijtimoiy sohani barqaror rivojlantirish uchun yil oxirigacha “mahalla yettiligi” bilan ishlashni o‘rganamiz. 2024 yilga yaxshi tizim bilan kiramiz. Odamlar rozi bo‘ladi. Odamlarning bizga bergan ishonchini oqlaymiz desak, bizni bitta narsa qutqaradi — sadoqat, vatanga muhabbat va fidoyilik”.
Bundan tashqari, mahalla tizimini takomillashtirish bo‘yicha tashkiliy choralar ham ko‘riladi. Xususan, Mahallalarni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha respublika, viloyat va tuman (shahar) kengashlari joriy etiladi. Respublika kengashiga Bosh vazir, hududiy kengashlarga esa hokimlar rahbarlik qiladi. Kengashlar “mahalla yettiligi” qo‘ygan masalalar bo‘yicha har bir tumanning xususiyatidan, mahallalarning o‘ziga xosligidan kelib chiqib muammolarga yechim topadi, moliyaviy manbalarini aniqlaydi.
Mahalladagi muammoli masalalarga yechim topishda ilmiy asoslangan yangi yondashuvlar ishlab chiqiladi, bunga ilmiy va nodavlat tashkilotlar ham jalb qilinadi. Yuqoridagi takliflar asosida sohaning tashkiliy tuzilmasi, vakolatlari va moliyalashtirish manbalari ko‘rsatilgan hujjat loyihasi ishlab chiqiladi.
***
Umuman olganda, Prezident tomonidan bildirilgan tashabbuslar mahallaning jamiyatdagi o‘rnini yanada oshirish bilan birga, tizimdagi qator masalalarni hal etish imkonini beradi. Jumladan:
birinchidan, mahalla raisi yig‘inning haqiqiy yetakchisiga aylanadi. Barcha xodimlarning raislar bilan hamjihatlikda ishlashi ta’minlanadi;
ikkinchidan, mahallaning moliyaviy imkoniyatlari oshadi. Ya’ni kimga qanday ko‘mak berish kerakligi mahallaning o‘zida jamoaviy hal qilinadi;
uchinchidan, mahallada qulay va elektron ish yuritish tartibi yo‘lga qo‘yiladi. Ya’ni mahalladagi barcha ma’lumotlar tarqoq holda emas, yagona bitta platformada aks etadi.
to‘rtinchidan, mahallani eshitadigan, muammolariga yechim topadigan, moliyaviy ko‘mak beradigan tuzilma shakllantiriladi.
Yuqoridagilarning barchasi odamlarni qiynayotgan masalalarni mahallaning o‘zida hal etish imkonini beradi. Mahalla raislarining mavqeini yuksaltirib, “yettilik” a’z olarining hamjihatlikda ish yuritishiga zamin hozirlaydi.
Elmurod QARSHIYeV,
Kambag‘allikni qisqartirish
va bandlik vazirligi boshqarma
boshlig‘i.