Joylarda “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha”, “Obod mahalla” mezonini joriy etish bo‘yicha ikkinchi bosqichda 2023 yilning to‘rtinchi choragida 56 ta mahallada “yo‘l xaritasi” asosida ishlar belgilab olindi. Bunda mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, ijtimoiy soha ob’yektlari holatini o‘rganish va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, bandlikni ta’minlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga yordam ko‘rsatish kabi amaliy chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan.
Bu boradagi ishlar bizning “Qavatqal’a” mahallamizni ham chetlab o‘tgani yo‘q. Mahallamizda 1 657 nafar fuqaro istiqomat qiladi. Hududdagi 17 ta ko‘chada 324 ta xonadon yashaydi. Bu hududga ko‘chib kelganimizga 50 yil bo‘ldi. Shu vaqt davomida yig‘inimizda infratuzilma bilan bog‘liq qator muammolar yig‘ilib qolgandi. Chekka hudud e’tibordan ham chetda edi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qishloq aholisiga shahardan kam bo‘lmagan qulayliklar yaratish maqsadida bugun yig‘inimizda keng ko‘lamdagi obodonlashtirish, qurilish, ta’mirlash va bunyodkorlik ishlari boshlab yuborildi.
Dastlab mahallada uyma-uy yurib, ko‘chalar, binolar, muassasalarda xatlov o‘tkazildi, “yo‘l xarita”lari tuzib olindi. Xususan, bu jarayonda mahalla hududida mavjud foydalanuvdagi avtomobil yo‘llarini joriy ta’mirlash, shag‘allashtirish, ichki ko‘chalarni asfaltlash, 5 600 metr uzunlikdagi markaziy ko‘chaga piyodalar yo‘laklari hamda tungi yoritgichlar qurish belgilangan. Shuningdek, fuqarolar yig‘ini binosini ta’mirlash, ichki ko‘chalarga 3,1 kilometr ichimlik suv quvurlarini tortish, 36-sonli umumta’lim maktabiga qarashli chegara hududiga panjara o‘rnatish ishlari dastur asosida amalga oshiriladi. Qolaversa, 36 ta xonadonning tomlarini shiferlash, 233 ta uylarni qayta ta’mirlash, ikkita transformatorni almashtirish, 6,7 kilometrlik elektr tarmog‘ini tortish, bolalar maydonchalari va mini-stadion barpo etish, 17 ta ko‘chadagi har bir xonadonni obodonlashtirish, har bir uyning tashqi fasadini zamonaviy ko‘rinishga keltirish rejalashtirilgan.
Bunyodkorlik ishlari doirasida hududdagi aholi salomatligini yaxshilash ishlari ham e’tibordan chetda qolmayapti. Tadbirlar doirasida 710 nafardan ortiq fuqaro tibbiy tekshiruvdan o‘tkazildi. 40 nafariga ambulator sharoitda davolanish, 5 nafariga tuman tibbiyot birlashmasida sog‘ligini tiklashi uchun yo‘llanma berildi. 82 nafar fuqaroga esa bepul dori-darmonlar tarqatildi. Shu bilan birga, nomli daftarlarga kiritilgan fuqarolar bandligini ta’minlash, ularga imtiyozli kreditlar ajratish choralari ko‘rilyapti.
Mahalladagi xayrli tashabbuslar faqat shu bilan tugamaydi. Yig‘in faollari ko‘magida bugun o‘z biznesini boshlayotgan, ishli bo‘layotgan, tomorqasidan mo‘l hosil olayotgan mahalladoshlarimiz kam emas. Misol uchun, harakat qilgan inson kaftdek yerdan ham yaxshigina daromad topishini 63 yoshli Ro‘zigul Ramanova o‘z tomorqasida turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirib isbotlab kelmoqda. Bunday tashabbuskorlar har bir oilada bor.
So‘nggi yillarda mahallaning jamiyat hayotidagi o‘rni ortib borayotganini hisobga olib, bir qator takliflarni ilgari surmoqchi edim. Eng avvalo, hududga oid har qanday masalada xalq deputatlari tuman Kengashi qarori qabul qilinishi kerak. Shu bois Kengash tarkibida mahalla ishining issiq-sovug‘ini tanasidan o‘tkazgan, pastdagi ahvolni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan deputatlar ko‘proq saylanishiga urg‘u qaratish kerak. Ya’ni Kengash a’zolari tarkibida mahalla raislari soni salmoqli oshirilishi lozim.
Xuddi shunday, mahalla raisi tomonidan halq deputatlari mahalliy Kengashi majlislarida ko‘rilishi majburiy bo‘lgan masalalarni kiritishning samarali tizimini tezroq amaliyotga joriy etish darkor. “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan mazkur normaning ishlashi raislar vakolatini, mas’uliyatini oshirish bilan birga, yig‘inlardagi necha yillik muammolarning imkon qadar tezroq hal bo‘lishiga ham zamin yaratadi.
Nuratdin GENJAYEV,
Ellikqal’a tumanidagi
“Qavatqal’a” mahallasi raisi.