Sevara OʻRINBOYEVA, Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari:
— Yangi tahrirdagi Konstitutsiya Oʻzbekiston jamiyatining evolyutsion rivojlanishidan kelib chiqayotgan hayotiy zarurat boʻlib, bu ish mamlakat, millat va xalq sifatida keyingi qadamlarimizni aniqlab olishimiz uchun gʻoyat ahamiyatli masala, adolatli jamiyat qurish yoʻlidagi ulkan qadamdir.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyadagi moddalar soni amaldagi 128 tadan 155 taga, normalar soni 275 tadan 434 taga oshdi. Asosiy qonunimiz xalqimiz takliflari asosida qariyb 65 foizga yangilandi.
Konstitutsiyada jamiyatdagi barcha masalalar yechimi chinakam xalq ovozi boʻlgan mahalla darajasiga tushirilishi qayd etilgan.
Yaʼni fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmasligi belgilab qoʻyilmoqda. Konstitutsiyamizda mazkur kafolatning belgilanishi mahallalarga oʻz hududini mustaqil boshqarish, aholi manfaatlaridan kelib chiqib, davlat bilan sheriklik asosida muammolarni hal etib borish, hududni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish, samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, aholi farovonligini taʼminlashga muhim imkoniyatlarni taqdim etadi.