Qayd etish kerak, “Mahalla byudjeti” tizimi asosida shakllantirilgan mablagʻlar hisobidan moliyalashtirilishi taklif etilayotgan va amalga oshirilgan tadbirlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar “Ochiq byudjet” axborot portaliga joylashtirib boriladi. Jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan takliflar ovoz berish yoʻli orqali saralab olinadi va ularga shakllantirilgan mablagʻlar yoʻnaltiriladi. Bunda mahalla infratuzilmasini yaxshilash, hududni obodonlashtirish, ijtimoiy himoya sohalariga eʼtibor qaratiladi.
Masalan, huquqiy eksperiment tariqasida joriy etilgan Toshkent shahrining Uchtepa tumanida joylashgan 60 ta mahallada 65 mingdan ziyod soliq toʻlovchi bor. Bundan “Degrez” mahallasida 700 ta obyekt boʻlib, yillik hisoblangan mol-mulk soligʻi 513,1 mln. soʻm, yil boshiga soliq qarzi esa 84,5 mln. soʻmni tashkil etadi. Agar mahalla tomonidan aprel oyida 100 mln. soʻm undirilsa, ushbu summaning 10 foizi yoki 10 mln. soʻmi “Degrez” mahallasi jamgʻarmasiga oʻtkaziladi. Fuqarolar yigʻini bu mablagʻni bolalar maydonchasini taʼmirlash yoki kam taʼminlangan oilalarga koʻmak uchun ajratishi mumkin.
Darhaqiqat, yuqoridagi tizim fuqarolar yigʻinlarining tom maʼnoda demokratik institut sifatidagi ish faoliyatiga moddiy asos boʻlib xizmat qiladi. Zero, mahalla faollariga ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlarning yigʻinning oʻzidan toʻlanishi hamda mavjud muammolarni hal qilish uchun zarur mablagʻlar manbasi yaratilgani katta ijobiy qadam boʻladi. Shu bilan birga, mahallaning moliyaviy imkoniyatlari kengaytirilishi uning davlat va jamiyat hayotidagi oʻrni tan olinayotganining yaqqol dalili hamdir.
Mahalladagi moliyaviy imkoniyatlar jamoatchilikning manfaatlariga, ularning muammolarini hal qilishga yoʻnaltirilishi haqida soʻz borganda, bir qator jihatlarga eʼtibor qaratish lozim.
Birinchidan, mahalla hududida istiqomat qilayotgan Yagona reestrga kiritilgan fuqarolarga moddiy yordam va boshqa mablagʻlarni mahalla hisob-raqamida toʻgʻridan-toʻgʻri moliyalashtirish mumkin.
Ikkinchidan, mahalla hududidagi qabristonlarni, ichki koʻchalarni taʼmirlash va saqlab turish xarajatlarini tuman byudjetidan mahalla byudjetiga oʻtkazish yaxshi samara beradi.
Uchinchidan, mahalladagi ayrim fuqarolarning toʻy va dafn marosimlariga moddiy yordam berish, mehnat faxriylarini sihatgohlarga yuborish kabi ishlarni ham mahalla doirasida amalga oshirish mumkin.
Yuqoridagi sarf-xarajatlarni moliyalashtirishda yer va mulk soligʻini undirishdan tushgan mablagʻlar hamda yillik xarajatlardan kelib chiqib, tuman, viloyat yoki respublika byudjetidan beriladigan subsidiya — yordamlar hisobiga bajarish maqsadga muvofiqdir.
Sanjar ISMATOV